2025 yil 6 sentyabr kuni Qatarning Doha shahrida “O‘zbekiston qizlarining ovozi: madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik va dunyo uchun ilhom” nomli xalqaro antologiya taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qatar Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Qatardagi Elchixonasi hamda Shine Qizlar Akademiyasi hamkorligida “Al Jasra” madaniyat markazida tashkil etildi.
Ushbu asarda O‘zbekistonning turli hududlaridan iqtidorli yosh ijodkor qizlarning she’r, hikoya, maqola va esselari jamlangan bo‘lib, ularning ichki dunyosi, orzu-umidlari va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi o‘z ifodasini topgan. Kitobning asosiy maqsadi — o‘zbek qizlarining ovozini xalqaro maydonda yangratish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdir.
Marosimda O‘zbekiston Elchixonasi vakillari, Qatar madaniyat sohasi mas’ullari, arab adabiyotshunoslari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasining Qatardagi Elchixonasi Madaniyat bo‘yicha maslahatchisi Oybek Mamatov, Shine Qizlar Akademiyasi rahbari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shohida Yusupova hamda Al Jasra madaniyat markazi xodimasi Hanan Badih ushbu antologiya yosh ijodkorlar salohiyatini namoyon etish, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish va ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Darhaqiqat, bunday loyihalar nafaqat yurtdoshlarimizning iste’dodini dunyo miqyosida targ‘ib etadi, balki O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada kuchaytiradi.