Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi o‘tkaziladi

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi o‘tkaziladi
November 19, 2026

Hukumat qarori bilan “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan bo‘lib, mazkur tashabbus xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan yosh vatandoshlarimizning ona tilimizga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan.
Har yili o‘tkaziladigan ushbu nufuzli olimpiadada chet ellarda istiqomat qiluvchi 14–18 yoshli vatandosh maktab o‘quvchilari ixtiyoriy asosda qatnashishlari mumkin. Ishtirokchilar uchun yakka tartibda yoki jamoaviy tarzda (6 nafargacha o‘quvchi va 1 nafar rahbardan iborat), shuningdek, oflayn yoxud onlayn shaklda qatnashish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, har bir xorijiy davlatdan 3 tagacha terma jamoa ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

1-bosqich (test)da ishtirokchilar umumiy 50 ball bilan baholanadigan 30 ta test topshirig‘ini bajaradilar.

2-bosqich (yozma ish)da ishtirokchilar Hakamlar hay’ati tomonidan taqdim etilgan 5 tagacha yozma ish (esse) mavzusi orasidan qur’a tashlash yo‘li bilan tanlangan 1 ta mavzu asosida ijodiy ish yozadilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar oltin, kumush va bronza medallari, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Eng muhimi, medal sohiblari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining “Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Mazkur imtiyoz 3 yil davomida amal qiladi.

president uzbekistan politics
Share this article